RASMIY BA’YONOT

15-10-2024

blog-img

RASMIY BA’YONOT

Ijtimoiy tarmoqlarda “BYD Uzbekistan Factory” MChJ qo'shma korxonasining joriy yilning besh oyi davomida 23,9 milliard so'mlik soliq to'lovi haqida ma'lumotlar paydo bo'ldi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari elektromobil ishlab chiqaruvchi korxona to'lovlarini umumiy ovqatlanish korxonalari bilan taqqoslab, “shaurma” va “lavash” ishlab chiqarish elektromobil ishlab chiqarishga nisbatan “ancha foydali” ekanligini ta'kidlashdi.

“BYD Uzbekistan Factory” MChJ qo'shma korxonasi ijtimoiy tarmoqlardagi ma'lumotlarni o'rganib chiqib, quyidagilarni ma'lum qiladi. Ijtimoiy tarmoq faollarining, xususan Timurmalik Elmuradov va Nikita Makarenkoning, Davlat soliq qo'mitasining qisman e'lon qilingan ma'lumotlariga asoslanib chiqargan xulosalari bir tomonlama bo’lib, kompaniya faoliyatini keng jamoatchilik ko'z o'ngida obro'sizlantiradi. Bugungi kungacha birorta bloger “BYD Uzbekistan Factory” MChJ qo'shma korxonasiga ma'lumotlarni aniqlashtirish uchun murojaat qilmagan.

Vujudga kelgan vaziyatdan kelib chiqib, “BYD Uzbekistan Factory” MChJ qo'shma korxonasi 2024 yilning 
6 oyi davomida davlat byudjetiga 332,1 milliard so'mdan ortiq qo'shilgan qiymat solig'i, 30,1 milliard so'mga yaqin foyda solig'i, 2,2 milliard so'm jismoniy shaxslar daromad solig'i va 2,2 milliard so'm yagona ijtimoiy to'lovlarni to'laganini ma'lum qilishni lozim deb hisoblaydi. Ya'ni, davlat byudjetiga to'langan soliqlarning umumiy summasi 366,6 milliard so'mni tashkil etdi, bu esa kompaniya umumiy aylanmasining 21 foiziga to'g'ri keladi.

“BYD Uzbekistan Factory” MChJ qo'shma korxonasining o'ta zamonaviy zavod qurilishi va uni yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlashga qo'shgan hissasi alohida e'tiborga loyiq. Buning natijasida O'zbekiston elektromobil va gibrid avtomobillar ishlab chiqaradigan dunyodagi o'ninchi mamlakatga aylandi.

Fursatdan foydalanib, “BYD Uzbekistan Factory” MChJ qo'shma korxonasi amaldagi qonunchilikka ko'ra, kasbiy faoliyatni amalga oshirishda ommaviy axborot vositalari vakili qonunchilik talablariga rioya qilishi, tayyorlanayotgan materiallarning haqqoniyligini tekshirishi va xolisona axborot taqdim etishi, shuningdek kasb etikasi qoidalariga rioya qilishi shartligini eslatib o'tadi. “BYD Uzbekistan Factory” MChJ qo'shma korxonasi blogerlar, jurnalistlar va ommaviy kommunikatsiya sohasining boshqa vakillarini chuqur hurmat qiladi va taraflarning huquq va erkinliklarini kamsitmagan holda konstruktiv va ochiq muloqotga chaqiradi.