“BYD Uzbekistan Factory” MCHJ QK jadal rivojlanayotgan va xalqaro ishlab chiqarish hamda boshqaruv standartlariga integratsiyalashib borayotgan bir paytda, ochiqlikni taʼminlash, xizmat etikasi qoidalariga amal qilish va korrupsiyaga qarshi qatʼiy choralar koʻrish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Kompaniyamiz komplayens xizmati ichki siyosat, shuningdek, milliy va xalqaro antikorrupsiya qonunchiligiga rioya etilishini doimiy ravishda monitoring va nazorat qilib boradi. “BYD Uzbekistan Factory” MCHJ QKsining har bir xodimi, egallab turgan lavozimiga qaramasdan, oʻz kundalik faoliyatida halollik, masʼuliyat va qonunchilikka qatʼiy rioya qilish tamoyillariga amal qilishi shart.
Biz “korrupsiyaga nisbatan nol toqat” siyosatini qatʼiy qoʻllaymiz. Bu shundan dalolat beradiki, pora berish yoki olish, mansab vakolatlarini suisteʼmol qilish yoki manfaatlar toʻqnashuvi kabi holatlarga mutlaqo yoʻl qoʻyilmaydi va bunday harakatlar jiddiy oqibatlarga olib keladi.
Shu bilan birga, ochiq muloqot madaniyatini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Har bir xodim etikaga zid xatti-harakatlar, korrupsiya xavfi yoki ichki qoidalarga mos kelmaydigan holatlar yuzasidan xabar berish huquqiga ega va bunga masʼul. Biz bunday murojaatlarning maxfiyligini va xolis maʼlumot bergan xodimlarning himoya qilinishini kafolatlaymiz.
Barchangizni kasbiylik, shaffoflik va pokizalik namunasi boʻlishga chaqirib qolaman. Faqat oʻzaro hamkorlik va fidoyilik orqali biz mijozlar, hamkorlar va jamiyat ishonchini mustahkamlashimiz mumkin.
Hurmat bilan,
Bunyodbek Yuldashev
“BYD Uzbekistan Factory” MCHJ QK
Komplayens xizmati rahbari